Abituriyentlar DXM orqali hujjat topshirganda so‘rovnoma to‘ldiradi

Hukumat qarori bilan Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
 
Unga muvofiq, abituriyentlar ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan oliy ta’lim muassasalariga Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hujjat topshirishi mumkin va ushbu oliy o‘quv yurtlari ro‘yxati haqida 5 kunlik muddatda taklif Davlat komissiyasiga kiritilishi lozim.

Davlat xizmatlari markazlari tomonidan hujjatlar 15 iyundan 15 iyulgacha abituriyentlarning doimiy ro‘yxatda turgan joyidan qat’i nazar qabul qilinadi.

Boshqa oliy o‘quv yurtlariga hujjatlar oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 15 iyundan 15 iyulgacha qabul qilinadi.

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan reglamentga muvofiq, abituriyentlar Davlat xizmatlari markazlar orqali hujjat topshirganda so‘rovnoma to‘ldiriladi.

Quyidagi hujjatlarning asl nusxasi taqdim etiladi:

pasport (pasport yoshiga yetmaganlar tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma);

maktabni, kollejni yoki litseyni tugatganlik to‘g‘risidagi hujjat (ilovasi bilan);

imtiyozga ega bo‘lganlar imtiyozni tasdiqlovchi hujjat.

Abituriyent bir vaqtda, o‘qitishning bir shakli doirasida 3 tagacha oliy ta’lim muassasasini tanlashi mumkin.

Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun joriy yil bitiruvchilaridan va nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslardan to‘lov undirilmaydi.

Test sinovlari o‘tkazilayotgan yildan avvalgi yillarda ta’lim muassasasini tugatgan abituriyentlardan eng kam oylik ish haqining 50 foizi (101 ming 365 so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.

Manba kun.uz