“Yoshlаr kelаjаk bunyodkori” shiori ostidа bitiruvchi yoshlаr bilаn ochiq muloqot

Joriy yilning 22-23 iyun kunlari Fargʼona viloyati hokimi Sh.Gʼaniyev viloyatning Qoʼshtepa va Bogʼdod tumanlaridagi maktab va kollej bitiruvchilari bilan uchrashdi. Bir necha tillarda ravon soʼzlashuvchi, bilimdon, gʼayrat-shijoatli yoshlari viloyat hokimi, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan boʼlib oʼtgan yuzma-yuz suhbatda kelajak bilan bogʼliq orzulari, reja-maqsadlari xususida maroq bilan fikr almashdilar. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalariga qabul kvotasi keyingi uch yilda 90 mingdan 204 mingtaga yetkazildi. Bu yil Fargʼona viloyatidagi oliy taʼlim dargohlariga 23 ming nafar yigit-qizlar oʼqishga qabul qilinadi. Hozirgi kunda Fargʼona viloyati oliy taʼlim muassasalari soni koʼpligi jihatidan poytaxt Toshkent shahridan keyin ikkinchi oʼrinda turadi. Bugungi kunda nafaqat son, balki ilmiy salohiyat, professor-oʼqituvchilar erishayotgan yutuqlar salmogʼi jihatdan ham Fargʼonadagi institut va universitetlarimiz nufuzi tobora yuksalib borayotgani quvonarlidir. Uchrashuvda viloyatimizda yoshlarning intilish va tashabbuslarini qoʼllab-quvvatlash, isteʼdod va salohiyatini namoyon etishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Ochiq muloqot tarzida oʼtgan uchrashuvda navqiron avlod vakillari oʼz fikr-mulohazalarini bildirdi. Samimiy va oshkora ruhda oʼtgan tadbirda viloyatimizdagi oliy oʼquv yurti rahbarlari, soha korxona rahbarlari tashrif buyurishib, oʼquvchi yoshlar, yosh tadbirkorlar, iqtidorli sportchilar oʼzlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan viloyat hokimiga, oliy oʼquv yurti rahbarlari hamda soha korxona rahbarlariga toʼgʼridan-toʼgʼri murojaat qildi. Joyida hal qilish imkoni boʼlgan ogʼzaki murojaatlar qanoatlantirildi. Аtroflicha oʼrganish taqozo etiladigan masalalarni hal etish yuzasidan tuman hokimligi hamda vakolatli idoralarga topshiriqlar berildi.