O‘zbek startapining Isroilga sayohati

Isroilda boy neft yoki oltin konlari mavjud emas, ammo turli fikrlarga boy, o‘z tajriba va yutuqlarini boshqalar bilan baham ko‘rishga tayyor turgan insonlar ko‘p. Dunyo xaritasida mitti davlat sifatida o‘rin topgan bo‘lsa-da, bag‘rikeng taddbirkorlik madaniyati bilan nom qozongan bu davlat bir necha yillardan buyon “g‘oyalar mamlakati” deb nomlanib kelinmoqda. Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish uchun yaxshigina imkoniyatlar yaratilgani va Isroil hukumatining startaplar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan siyosati yaxshi samara bermoqda.


Isroilda haqiqatga yaqinroq bo‘lgan shunday bir maqol mavjud: “Quddus e’tiqod qiladi, Tel-Aviv hordiq chiqaradi, Xayfa esa mehnat qiladi”.

Xayfa mamlakatning eng yirik dengiz darvozasi va temir yo‘l tarmoqlari kesishgan shahar bo‘lish bilan bir qatorda, Isroilning eng mashhur universitetlari, MATAM biznes parki, Intel, Apple, Elbit, Google, IBM, Microsoft, Yahoo, Philips kabi ko‘plab atoqli biznes vakillari ofislari joy olgan shahar hamdir. Shu bois texnologiyalar va innovatsiyalar borasida Xayfa eng yuqori o‘rinlardan birida turuvchi geografik nuqta ham sanaladi.

StartHaifa–2018 — dunyoning 15 mamlakatidan kelgan g‘oliblar uchun besh kunlik boy tajriba orttirish imkonini beradigan o‘quv mashg‘ulotlari hamdir. O‘quv kursi jarayonida g‘oliblar Xayfa ekotizimi, MATAM biznes parkidagi ishbilarmonlar bilan uchrashuvlar, Isroildagi eng yirik Rambam klinikasi va Technion universiteti bilan tanishish imkoniyati hamdir.

SX2018 tadbiri qatnashchilari ro‘yxatida Argentina, Belgiya, Gretsiya, Isroil, Hindiston, Tailand, Filippin, Fransiya, Ukraina, Urugvay, Myanma va O‘zbekiston kabi davlatlardan kelgan ishtirokchilar joy oldi.

CleanBox — o‘zbekistonlik g‘olib

O‘zbekiston nomidan StartHaifa–2018 tadbirida yosh professor olim Amir Obidov o‘zining CleanBox startapi bilan ishtirok etdi.

Ixtirochilikka bo‘lgan muhabbatni Amir 90-yillarning boshlarida avtoulovlarni olib qochilishiga to‘sqinlik qiluvchi signalizasiyani ixtiro qilgan muhandis otasidan yuqtirdi. Professor Amir Obidov hayotining 10 yillik davrini Koreyaning Nanjina Tech universitetida o‘qish, Gumi Electronics’da ishlash va Axborot texnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida ilm qilishga bag‘ishladi.

CleanBox — nanotexnologiyalar asosiga qurilgan nanotizimli filtr bo‘lib, ushbu qurilma yordamida uncha katta bo‘lmagan buyumlarni (bolalar o‘yinchoqlari) sterillash mumkin. CleanBox nafaqat shifokorlar, yosh onalar va go‘zallik salonida ishlovchi xodimlar, balki o‘z sog‘ligi haqida qayg‘uradigan har bir inson uchun kerakli qurilma.

LOTUS Engineering nanotizimlari nanokristall va nanotolalalardan tashkil topgan bo‘lib, ularning birlamchi vazifatsi atrofimizdagi muhitni mikroblardan saqlashga yordam berishdir.

LOTUS Engineering filtrlari ultrabinafsha nurlar yordamida faollashadi va xavfli bakteriyalar hamda mikroorganizmlarning membrana to‘qimalarini yakson qiladi. Shu tariqa CleanBox sutemizuvchilarga zararsiz bo‘lgan holda turli ko‘rinishdagi viruslar va mikroorganizmlarga qarshi vosita bo‘lib xizmat qiladi. Janubiy Koreya tadqiqotchilariga ko‘ra, CleanBox 99,9999 foiz natija bergan.

Shuningdek, CleanBox uchuvchi organik moddalar — formaldegidlar, spirt, uglevodorodlarni ham yo‘q qiladi va, eng yaxshi tarafi, yoqimsiz hidni bartaraf etadi.

Ayni paytda professor Obidovning Toshkentda labaratoriyasi mavjud bo‘lib, LOTUS Engineering jamoasi xorijlik mutaxassisslar bilan yangi g‘oya va loyihalar ustida ish olib bormoqda.

Yaqin kunlarda LOTUS Engineering Chirchiqda ish boshlab, xodimlari sonini oshirishni va loyihalarni tijoratlashtirishni maqsad qilib qo‘ygan.

Technion — Isroil texnika instituti

Isroilning eng qadimiy va mashhur oliy o‘quv yurtlaridan biri sifatida Technion dunyo ta’lim muassasalari reytingida birinchi yuztalikka kiradi.

Technionda bo‘lg‘usi olimlar, muhandislar, menejerlar, me’morlar va shifokorlar tahsil oladi. Technionda Isroildagi yirik amaliy fanlar tadqiqotlar markazi hisoblanadigan Tadqiqot va rivojlanish jamg‘armasi mavjud.

O‘zbekistonda Isroil tajribasini qanday joriy etish kerak? Amir Obidov sharhi

— Amir, Isroilda sizga nimalar yoqdi, nimalar yodda qoladigan bo‘ldi, nimalarga ahamiyat berdingiz?

Amir Obidov: Avvalo startaplar uchun yaratilgan keng va qulay imkoniyatlar meni o‘ziga rom qildi. Isroil universitetlarining o‘zida startaplar tashkil etish, reklama qilish va ularni tijoriylashtirish bilan shug‘ullanadigan kompaniyalar mavjud. Boshqacha aytganda, universitetlar munosib loyihalarni izlab topib, hayotga tatbiq etish bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, bu kompaniyalar byurokratik muammolarga yechim topish, startap uchun tijoriy guruhlar, davlat manbalaridan homiy topish bilan ham shug‘ullanadi. Bu esa startapga faqat o‘z loyihasi ustida ishlash, uni takomillashtirish imkonini beradi, qolgan masalalar boshqa muassasalarning muammoasiga aylanadi. Bu kabi kompaniyalar Isroil hokimiyati qoshida faoliyat yuritadi, ular startapning universitetdan tashqarida tijoriy rivojlanishida ish olib boradi. Bu esa Isroilda startaplarning keng rivojlanishiga ahamiyat bildirilishini anglatadi.

Startap-akseleratorlar O‘zbekistonda yetishmayotgan yana bir jihatdir. Akseleratorlar startapga pul tikadi, o‘qitadi va u bilan bog‘liq ikkilamchi vazifalarni amalga oshiradi. Albatta, akseleratorlar startapning muvaffaqiyat qozonishidan ma’lum bir foizlarni qo‘lga kiritadi, ammo ularning startapning keng quloch yoyishida o‘rni nihoyatda beqiyos.

Isroildagi startaplar muhitining yana bir ijobiy tarafi shundaki, mamlakatda ko‘plab kovorking markazlari mavjud, ular startaplar uchun seminarlar, taqdimotlar, uchrashuvlar o‘tkazish uchun ochiq. Taqdimot, seminar o‘tkaziladigan muhit o‘ta do‘stona kayfiyatda o‘tadi: spikerlar istalgan payti savollarga javob berishga hoziru nozir, ularning o‘zlari savollar bilan ko‘proq murojaat qilishni so‘raydi. Bunday muhit esa o‘z-o‘zidan yangiliklar joriy qilishga turtki beradi.

Bunday markazlarda men kabi ko‘plab professorlar faoliyat yuritadi, ular asosan nimanidir tekshirish, payvand qilish, kashf etish bilan band. Ularning asosiy maqsadi nimanidir tezroq nihoyasiga yetkazish va pullash. Koreyadagi ustozim ta’kidlaganidek, har qanday kashfiyot eng avvalo daromad, o‘zgalarga qulaylik va yaratuvchiga ruhiy qoniqish hissini olib kelishi kerak. Aynan shu narsani isroilliklar yaxshigina o‘zlashtirgan.Umuman olganda, jamoa ahil, dunyoqarashi keng va qoliplardan tashqarida o‘ylashga odatlangan. Ularning aksar loyihalari G‘arbga ko‘z tikkan. Ulardan o‘rganadigan jihatlar shaxsan men uchun bir talay.

— Masalan?

Amir: Teran fikrlash. Olim inson sifatida ikkinchi darajali masalalar bilan ishlash, tijorat haqida o‘ylash men uchun murakkab. Men endigina bu sohaga kirib kelyapman. O‘zbekistonda startaplarga yordam beradigan markazlar yetishmayotganini his qildim.

— Isroil tajribasini O‘zbekistonda qanday qilib tatbiq qilsa bo‘ladi?

Amir: Startap — O‘zbekiston uchun yangi tushuncha. Bu hodisa vaqtinchalikdir. Ammo ayni paytda o‘zgarishlar ketyapti. Innovatsiyani rivojlantirish vazirligi tashkil etildi, kovorking markazlari, ko‘plab ko‘rgazma va seminarlar tashkil etilmoqda. Sekin-asta biz ham munosib darajaga chiqa olamiz. StartHaifa kabi anjumanlarni respublika miyosida o‘tkazish faqat va faqat yutuq bo‘lardi. Loyihada men yangi do‘stlar orttirdim, Nobel mukofoti sovrindori Den Shextman bilan tanishdim va bir qator chet ellik startaplar asoschilari bilan loyihalarni qanday rivojlantirish borasida firk almashdim.

Albatta, mahalliy startap ekotizimini rivojlantirish, mahalliy hokimiyatlar, universitetlar qoshida investorlar ko‘magida startap biznesiga yordam beradigan kompaniyalarning filiallarini ochish va ularning rivojiga sarmoya kiritish maqsadga muvofiq bo‘lar edi va bu mamlakatda yetarlicha bo‘lgan salohiyatli insonlar bilan kelajakka dadil qadam tashlashni anglatgan bo‘lar edi.

Manba: daryo.uz