Davlatimiz rahbarining “Oliy taʼlim muassasalari talabalari bandligini taʼminlash orqali ularning turmush darajasini yaxshilash” chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʼilishidan kelib chiqadigan vazifalar belgilab olindi

2022 yil 7 mart kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Fargʼona filialida Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 mart kungi boʼlib oʼtgan videoselektor yigʼilishida mamlakatdagi oliy taʼlim muassasalari talabalari bandligini taʼminlash boʼyicha ustuvor vazifalar yuzasidan barcha direktor oʼrinbosarlari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va boʼlim boshliqlari ishtirokida yigʼilish oʼtkazilib, mazkur masala boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusida amalga oshirilishi lozim boʼlgan vazifalar xususida topshiriqlar belgilab berildi.

Xususan, filialdagi boʼsh xona va inshootlarni talabalarga bepul ajratish orqali ularda pullik kurslar, toʼgaraklar va boshqa xizmatlar hamda ishlab chiqarishlar tashkil etish kerakligi taʼkidlandi.

Filial hududida pullik oʼquv kurslari, sport toʼgaraklari va boshqa xizmatlarni tashkil etgan talabalar daromad soligʼidan ozod qilinishi, talabalarning filial hududidagi loyihalari uchun kredit resurslari ajratilishi, filialda talabalar boʼsh vaqtida ishlab, daromad topishi uchun bittadan “Coworking” markazini tashkil etilishi yuzasidan maʼlumotlar berildi.

Shuningdek, ish beruvchilar bilan hamkorlikda vakansiya va amaliyot yarmarkalari, talabalar uchun biznes uchrashuvlar tashkil etishi lozimligi, 1 apreldan boshlab har bir oliygohda mehnat yarmarkalarini oʼtkazilishi, yirik kompaniya, klaster va boshqa korxonalar oʼrtasida hamkorlik tizimini yaratib, talabaning bandligini taʼminlash choralarini koʼrilishi boʼyicha alohida topshiriqlar berildi.

Talabalarni turar joy bilan qamrab olinish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, filialda qurilishi rejalashtirilgan talabalar turar joyi boʼyicha ham axborot berib oʼtildi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Fargʼona filiali Axborot xizmati