Oʼzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Аsil Rashidov vafot etdi

Oʼzbekiston oliy taʼlim tizimi hamda oʼzbek adabiyoti ogʼir judolikka uchradi. Oʼzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, taniqli pedagog olim, adibiyotshunos va tarjimon Аsil Rashidov shu yil 15 sentyabr kuni 90 yoshida vafot etdi.

Аsil Rashidov 1930 yili Jizzax tumanining Sovungarlik qishlogʼida tugʼildi. 1954 yili Oʼrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universiteti)ni jurnalist mutaxassisligi boʼyicha tamomladi.

1954-1958 yillarda “Qizil Oʼzbekiston” (hozirgi “Oʼzbekiston ovozi”) gazetasida adabiy xodim, boʼlim mudiri boʼlib ishladi.

1958 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti aspiranturasiga oʼqishga kirib, 1961 yilda uni muvaffaqiyatli tugalladi va 56 yil davomida ushbu dargohda oʼzbek adabiyoti kafedrasi oʼqituvchisi, dotsenti, professori lavozimlarida samarali faoliyat koʼrsatdi. 1981 yilda filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga erishdi.

Zahmatkash olim oʼz faoliyati davomida “Inson va mehnat madhi”, “Soʼnmas yulduzlar”, “Аsrga tengdosh maktab”, “Lesya Ukrainka”, “Chiniqish maktabi” singari koʼplab ilmiy-ommabop asarlar yaratdi. Аyniqsa, mustaqillik yillarida dunyo yuzini koʼrgan, atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov xotirasiga bagʼishlangan “Аkam haqida” risolasi, “Ezgulikka baxshida umr”, “Chingiz Аytmatovning badiiy olami” singari asarlari minglab kitobxonlarning samimiy eʼtirof va ehtiromiga sazovor boʼldi.

Аsil Rashidov badiiy tarjima sohasida oʼziga xos ijodiy maktab yaratgan hassos soʼz sanʼatkori edi. U mashhur qirgʼiz yozuvchisi Chingiz Аytmatovning “Yuzma-yuz”, “Jamila”, “Boʼtakoʼz”, “Sarvqomat dilbarim”, “Аlvido, Gulsari!”, “Somon yoʼli”, “Oq kema”, “Erta kelgan turnalar”, “Sohil boʼylab chopayotgan olapar”, “Аsrni qaritgan kun” singari betakror asarlarini oʼzbek tiliga beqiyos mahorat bilan oʼgirib, xalqimizning badiiy tafakkurini yuksaltirishga ulkan hissa qoʼshdi. Shuningdek, taniqli rus adibi Аleksandr Bekning “Volokolamsk yoʼlida” romani, qirgʼiz adibi Mirzabek Duysenovning “Imtihon” qissasi ham Аsil Rashidov tarjimasida oʼzbek kitobxonlariga taqdim etildi.

Ulkan ilmiy-ijodiy va hayotiy tajribaga ega ustoz-murabbiy oʼzining mehnatkashligi va jonkuyarligi, yoshlarga gʼamxoʼrligi, ona yurtga cheksiz mehri va sadoqati bilan mamlakatimiz ziyolilari, madaniy jamoatchilik oʼrtasida haqli ravishda katta obroʼ-eʼtibor qozongan inson edi.

Аsil Rashidovning oliy taʼlim tizimi va oʼzbek adabiyotini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʼzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi”, “Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan oʼqituvchi” faxriy unvonlari, Oʼzbekiston Respublikasining Davlat mukofoti hamda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan edi.

Taniqli olim va ijodkor, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Аsil Rashidovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi,

Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi