Raqamli texnologiyalar markazi – zamon talabi asosida

Bugun yoshlarimiz orasida raqamli texnologiyalarga qiziqish kuchli. Aslida zamon talabi ham shu. Axborot-kommunikatsiyalardan yaxshi xabardor kishi yangi –yangi innovatsion g’oyalar ustida izlanadi, yangilikdan cho’chimaydi.

Prezidentimiz tomonidan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo’sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo’yicha belgilab berilgan 5 ta muhim tashabbusning uchinchisi aholi va yoshlar o’rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.

Farg’ona viloyatida ham mazkur yo’nalishda aniq tadbirlar belgilangan bo’lib, uning ijrosi ta’minlanmoqda. Marg’ilon shahrida yangi qurib, foydalanishga topshirilgan Raqamli texnologiyalar markazi ana shulardan biridir.

Markazning ochilish marosimi katta shodiyonaga aylandi. Unda Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniyev qatnashib, markaz viloyat yoshlarini axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, zamonaviy bilim va ko’nikmalarini berish hamda shu yo’l bilan ularni daromadini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

2,5 gektar maydonni egallagan zamonaviy markazning bunyod etishga mahalliy byudjetdan 14 milliard so’m mablag’ sarf etildi. Markaz raqamli texnologiyalar va iqtisodiyot bo’yicha yagona markazlashgan kompleks tizim yaratish hamda xizmatlar taqdim etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bu yerda elektron axborot resurs markazi, 60 o’rinli anjumanlar zali, muzokaralar xonasi, videostudiya bo’lib, yoshlarga axborot texnologiyalari va elektron tijorat sohasida innovatsion tadbirkorlik asoslarini o’rgatish, axborot texnologiyalari sohasida startap loyihalarni qo’llab-quvvatlashning zamonaviy hamda samarali mexanizmlarini yaratish, kompyuter texnologiyalari, dasturlash, robototexnika va kibersport asoslarini o’rgatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, dasturlash, mobil ilova, veb dizayn, robototexnika, kibersport, startap markazi, frilanserlar maktabi, dizayn kabi yo’nalishlarda faoliyat olib boriladi.

Markaz faoliyatini yo’lga qo’yishda Rossiya Federatsiyasining Perm shahridagi “Morion digital” texnoparki va Koreyaning tajribasi o’rganilgan, -deydi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg’ona filiali direktori o’rinbosari Bahrom Jalilov.- Shuningdek, bu yerda yoshlar o’rtasida raqamli ko’nikmalarni shakllantirish, “Bir million dasturchi” loyihasini amalga oshirish uchun ham barcha imkoniyatlar yaratilgan. Yoshlar, tadbirkorlar va hunar o’rganish istagidagi bo’lganlar markazimizda axborot texnologiyalarini o’zlashtirib, dasturiy mahsulotlar yaratishi ham mumkin. Shu bilan birgalikda viloyatdagi tashkilotlar bilan hamkorlikda sohada ish olib boramiz.

Markazda yil davomida 2 mingdan ortiq mutaxassislarni tayyorlash imkoniyati bor.

Manba: fergana.uz