“Taʼlim toʼgʼrisida”gi Qonunning mazmun-mohiyati

“Taʼlim toʼgʼrisida”gi Qonunning mazmun-mohiyati (OʼRQ–637, 23.09.2020)

Qonun bilan jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qatʼiy nazar, har kimga taʼlim olish uchun teng huquqlar kafolatlanadi.

Taʼlim turlari quyidagilardan iborat:
• maktabgacha taʼlim va tarbiya;
• umumiy oʼrta va oʼrta maxsus taʼlim;
• professional taʼlim;
• oliy taʼlim;
• oliy taʼlimdan keyingi taʼlim;
• kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
• maktabdan tashqari taʼlim.

Umumiy oʼrta taʼlim I–XI sinflarni oʼz ichiga oladi

Oʼrta maxsus taʼlim akademik litseylarda 9 yillik tayanch oʼrta taʼlim asosida 2 yil mobaynida amalga oshiriladi

Professional taʼlim boshlangʼich, oʼrta va oʼrta maxsus professional taʼlim darajalariga ajratiladi

Boshlangʼich professional taʼlim kasb-hunar maktablarida IX sinf bitiruvchilari negizida kunduzgi taʼlim shaklida 2 yillik integratsiyalashgan dastur asosida bepul amalga oshiriladi

Oʼrta professional taʼlim kollejlarda davlat buyurtmasi yoki toʼlov-shartnoma asosida davomiyligi 2 yilgacha boʼlgan kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllari boʼyicha amalga oshiriladi.
Oʼrta maxsus professional taʼlim texnikumlarda davlat buyurtmasi yoki toʼlov-shartnoma asosida davomiyligi kamida 2 yil boʼlgan kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllari boʼyicha amalga oshiriladi

Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarda olish mumkin.
Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida mutaxassislikni chuqur oʼrganishni va ilmiy izlanishlar olib borishni nazarda tutadigan tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchanlik asosida ilmiy darajaga ega ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni taʼminlaydi

Taʼlim olish shakllari:
• ishlab chiqarishdan ajralgan holda taʼlim olish (kunduzgi);
• ishlab chiqarishdan ajralmagan holda taʼlim olish (sirtqi, kechki, masofaviy);
• dual taʼlim;
• oilada taʼlim olish va mustaqil taʼlim olish;
• katta yoshdagilarni oʼqitish va ularga taʼlim berish;
• inklyuziv taʼlim;
• eksternat tartibidagi taʼlim;
• mudofaa, xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida kadrlar tayyorlash.

Qonunga koʼra, davlat oliy taʼlim, oʼrta maxsus, professional taʼlim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek davlat ishtirokidagi oliy, oʼrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tashkil etiladi.
Nodavlat taʼlim muassasalarini tashkil etish ularning taʼsischilari tomonidan amalga oshiriladi.

Nodavlat taʼlim tashkilotlariga litsenziya Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan beriladi.

Taʼlim tashkilotlariga oʼqishga qabul qilish barcha talabgorlar uchun taʼlim olishga doir teng imkoniyatlarning taʼminlanishi printsipi asosida amalga oshiriladi, shaxslarning ayrim toifalari bundan mustasno, ularga qonun hujjatlariga muvofiq imtiyozlar berilishi mumkin.
Taʼlim tashkilotlari talabgorlarni va (yoki) ularning ota-onasini yoki boshqa qonuniy vakillarini ustav, litsenziya (nodavlat taʼlim tashkilotlari uchun), davlat akkreditatsiyasi toʼgʼrisidagi sertifikat, oʼquv dasturi hamda taʼlim faoliyatini tartibga soluvchi boshqa hujjatlar, taʼlim oluvchilarning huquqlari va majburiyatlari bilan tanishtirishi shart.

Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari boʼlgan bolalar oʼqishga oʼz ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining roziligiga va tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyaning xulosasiga binoan qabul qilinadi.
Аyrim taʼlim tashkilotlariga (oliy taʼlim muassasalariga, akademik litseylarga, Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablar va boshqalarga) oʼqishga qabul qilish tanlov asosida amalga oshiriladi.

Davlat oliy taʼlim va professional taʼlim muassasalariga oʼqishga qabul qilish davlat granti va (yoki) toʼlov-shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Chet ellik fuqarolarni Oʼzbekistonning davlat taʼlim muassasalariga qabul qilish toʼlov-shartnoma asosida (bundan davlat granti ajratilgan hollar mustasno) amalga oshiriladi

Davlat taʼlim muassasalariga oʼqishga qabul qilish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Nodavlat taʼlim tashkilotlariga oʼqishga qabul qilish tartibi ushbu taʼlim tashkilotlari tomonidan belgilanadi.

Oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida oʼqishga qabul qilish parametrlari Prezident tomonidan belgilanadi

Oliy taʼlim muassasalariga oʼqishga qabul qilish chogʼida imtiyozli kontingent uchun qoʼshimcha qabul parametrlari belgilanadi

Shuningdek, mazkur Qonun bilan 1997 yil 29 avgustdagi “Taʼlim toʼgʼrisida”gi hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʼgʼrisida”gi Qonunlar oʼz kuchini yoʼqotdi.

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.