Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi

2021 yil 9-fevral kuni Farg‘ona shahridagi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligida ilm-fan namoyondalari, ziyolilar, adabiyotshunos olimlar hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali direktori A. Rasulov, Telekommunikatsiya texnologiyalari va kasbiy ta’limi fakulteti dekani B. Tolipov va filial talaba-yoshlari ishtrok etdilar.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov yig‘ilganlarni Hazrat Navoiy tavalludi bayrami bilan qutladilar va shu bilan birgalikda o‘z so‘zida turkiy til mavqeini ko‘tarishga, turkiy davlatchilik asoslarini mustahkamlashga, jamiyatda haqiqat va adolat mezonlarini qaror toptirishga, ilm-ma’rifatni rivojlantirishga bag‘ishlagan ulug‘ bobokalonimizning ijtimoiy-siyosiy hayotiga, uning asarlaridagi ma’naviy-tarbiyaviy jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali direktori hamda fakultet dekanlari birgalikda Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdilar.