Joriy yilning 24 yanvaridan boshlab, bir oy muddat davomida taʼlim olish tizimi masofaviy (onlayn) shaklda olib boriladi

Sogʼliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining taklifiga asosan koronavirus infeksiyasining yangi shtammi bolalar va yoshlar oʼrtasida tarqalishi yuqoriligini eʼtiborga olgan holda barcha oliy (davlat, nodavlat, xususiy hamda xorijiy filiallar) va professional taʼlim muassasalari, akademik litseylarda (barcha taʼlim shakllari va turlari boʼyicha) joriy yilning 24 yanvaridan boshlab, bir oy muddat davomida taʼlim olish tizimi masofaviy (onlayn) shaklda olib boriladi.

Bunda tajribadan kelib chiqqan holda onlayn taʼlim jarayoni sifatli tarzda tashkil etilib, barcha zarur resurslar safarbar etiladi.

Temiryoʼl chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirmalarini saqlab qolinadi va 2022 yil 24 fevralga qadar avia va temiryoʼl chiptalari bepul tarzda boshqa muddatga almashtirib beriladi.

Mazkur masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlikda Maxsus shtab tashkil etilgan boʼlib, 21 yanvar soat 9:30 dan barcha tashkiliy masalalar yuzasidan quyidagi ishonch telefonlariga (10-06, 71-246-97-45, 71-246-28-63) murojaat qilishingiz mumkin!

Shu oʼrinda bugungi murakkab vaziyatdan chiqib ketishning yagona yoʼli bu vaksinatsiya, shu bois sizlardan oʼzingiz va yaqinlaringiz salomatligini himoya qilish uchun vaksinatsiya jarayonlarida faol qatnashishingizni soʼrab qolamiz.

Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, sizdan yoʼl chiptalarini almashtirishni bir oylik muddat davomida qaytish sanasi aniq boʼlgandan keyin shoshmasdan amalga oshirishingizni soʼraymiz!

Manba: edu.uz