“Sen oʼzing doʼstlаrgа yoʼldosh, mehribon…”

Har qanday tilda uning ijodkori boʼlgan xalqning yuksak madaniyati, uzoq oʼtmishi namoyon boʼladi. Bundan oʼttiz yil ilgari oʼzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi milliy oʼzlikni anglash yoʼlidagi dastlabki qadamlardan biri boʼldi. Istiqlol yillarida oʼzbek tili jahon tillari sistemasida munosib ravishda oʼz oʼrnini topa boshladi. Tilning leksik zahirasi ijtimoiy-iqtisodiy hayot talabi bilan yangi-yangi tushunchalarni ifodalash hisobiga qisqa muddat ichida beqiyos darajada oʼzgardi. Yuzlab soʼzlarning mazmun-mundarijasi oʼzgardi, yangicha mazmun bilan boyidi.
Ijtimoiy hayotimizda yuz bergan sezilarli oʼzgarishlar, Oʼzbekistonning jahon miqyosida alohida obroʼ-eʼtiborga ega boʼlishi davlat tilining ham mavqei ortishiga olib keldi. Darhaqiqat, ona tilimizning davlat tili maqomiga ega boʼlishi oʼzbek xalqi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga, qoʼllanish doirasining kengayishiga, oʼzbek tilini oʼqitish sifatini tubdan yaxshilashga asos sifatida xizmat qiladi.
Oʼtgan asrning 80-yillarida davlat tili masalasi, ikki tillilik masalasi koʼtarilganda, shukrki, ona tilimizga Davlat tili maqomi berildi. Shu bilan amalda oʼzbek xalqi ham Oʼzbekistonda istiqomat qilayotgan rus, qoraqalpoq, tatar, tojik, qozoq, turkman, qirgʼiz, koreys va boshqa qator millat vakillari kabi oʼz ona tilidan erkin foydalanishga oʼtdi.
“Davlat tili haqida”gi Qonunga kelsak, Qonunning biror moddasida oʼzga millat vakillariga, hatto oʼzga tilda soʼzlashuvchilarning muloqotlariga monelik qiladigan biror satrni ham topolmaysiz. “Davlat tili haqida”gi Qonunning 2-,5-,6-,10-,11-,12-,14-,24-moddalarida Qonun oʼzbek tilini barcha sohalarda rivojlantirishni koʼzda tutgan holda boshqa tillarning konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmasligini kafolatlab qoʼygan.
Mustaqil Oʼzbekistonda taʼlim-tarbiya tili, ommaviy axborot tili, qator rasmiy muloqotlar oʼzbek tilidan boshqa tillarda ham olib borilayotgani hech kimga sir emas. Hozirgi kunda yurtimizning oʼnlab shaharlarida Oʼzbekistonda yashovchi oʼzga xalqlar madaniyati, qadriyatlarini keng targʼib qilishga, ularni rivojlantirishga qaratilgan turli-tuman markazlar tashkil etilgan, ular oʼz faoliyatini erkin davom ettirmoqda.
Yashash joyi, maʼlum xalqlarning amaliy ehtiyojidan kelib chiqib, barcha hududlarda taʼlim oʼzbek tili bilan birga, rus, tojik, qoraqalpoq, qozoq, turkman, qirgʼiz singari qator tillarda olib boriladi. Oliy taʼlimning deyarli barcha yoʼnalishlarida rusiyzabon va boshqa xalqlarning taʼlim muassasalari uchun kadr tayyorlanmoqda. Muhimi, hozirgi kunda kelajagimiz boʼlgan farzandlarimizning rus, ingliz, frantsuz, nemis, xitoy, koreys, arab va boshqa koʼplab tillarni oʼrganishiga yetarlicha shart-sharoit yaratilmoqda. Farzandlarimizning katta avlod vakillaridan farqli ravishda, bir necha chet tillarida bemalol muloqot qilayotganligi quvonarli hol. Lekin bularning barchasi oʼz ona tilidan uzoqlashish, uni kamsitish evaziga boʼlmasligi zarur.
Yana bir jihat, Oʼzbekistonda qadimdan yashab kelayotgan, keyingi yillarda yurtimizga kelib oʼrnashgan turli millat vakillari hozirgi kunda oʼzbek tilida bemalol muloqot qila boshladi. Ularning aksariyati oʼzbek tilini puxta biladi, hurmat qiladi, tom maʼnoda qadrlaydi ham.
Shu yilning 4-oktabr kuni muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan “Oʼzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining oʼttiz yilligini keng nishonlash toʼgʼrisida”gi Qaror imzolandi. Mazkur Qarorda “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʼlgan oʼzbek tili xalqimiz uchun milliy oʼzlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida gʼoyat muhim oʼrin egallab kelayotgan buyuk qadriyat” ekanligi alohida taʼkidlanadi.
Oʼzbek tilining soʼz javohirlarini puxta egallash, uning nazokatini teran his eta bilish, eng muhimi, tilimizni tom maʼnoda qadrlash va uni yuksaltirishga barchamiz birdek masʼulmiz.

Dildora GАNIEVА,
TАTUFF dotsenti, filologiya fanlari nomzodi