Yoshlarga eng yaxshi loyihalar uchun 49 million soʼmgacha grant mablagʼlari beriladi

Farmon bilan 2021 yil 1 sentyabrdan Toshkent shahrida Yoshlar biznes maktabi, 2022 yildan boshlab barcha hududlarda uning filiallari tashkil etiladi.

2021 yil 1 oktyabrdan yoshlarning “Biznesga birinchi qadam” startap gʼoyalari tanlovlari tashkil etiladi hamda har bir tuman va shaharda kamida uch nafardan gʼolibga grantlar berish amaliyoti joriy etiladi.

Eng yaxshi loyihalarning har biri uchun BHMning 200 baravarigacha grant mablagʼlari beriladi.

2021/2022 oʼquv yilidan bosqichma-bosqich umumiy oʼrta va oʼrta maxsus, professional va OTMlarda axborot texnologiyalari darslari Kembrij dasturi asosida oʼtkaziladi.

2021 yil 1 sentyabrdan Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo oʼyinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi 5 yilda gʼolib va sovrindor (1-3 oʼrin) boʼlgan, shuningdek, olis va chekka hududlarda ishlayotgan sportchi-trenerlarga:

  • sport toʼgaraklarini tashkil etish uchun tuman va shaharlarda boʼsh turgan davlat mulki hisoblangan bino va inshootlar elektron savdolar oʼtkazmagan holda, ushbu obʼektga nisbatan belgilangan eng kam ijara toʼlovi stavkasining 50 foizi miqdorida ijaraga beriladi;
  • sport inventarlari, buyumlari va jihozlarini xarid qilish uchun subsidiyalar ajratiladi;
  • kamida 100 nafar yoshlarni muntazam sport bilan shugʼullanishini tashkil etgan taqdirda BHMning 10 baravaridan kam boʼlmagan miqdorda har oylik toʼlov joriy etiladi.

2021 yil 1 oktyabrdan har yili “Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob” tanlovi tashkil etiladi.

Tanlovda gʼolib deb topilgan mualliflarga:
➖ birinchi oʼrin uchun – 100 million soʼm;
➖ ikkinchi oʼrin uchun – 75 million soʼm;
➖ uchinchi oʼrin uchun – 50 million soʼm mukofot mablagʼlari ajratiladi.