MAQSADLI QABUL KVOTASI-2023

✅ NOGIRONLIGI BO‘LGAN SHAXSLAR UCHUN

Respublika miqyosda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun jami 3 ming 803 ta (o‘tgan yilgidan 183 taga ko‘p) davlat granti bo‘yicha alohida kvota ajratilgan.

▪️Ta’lim shakllari kesimida:

➖ kunduzgi — 2 542 ta;
➖ sirtqi — 981 ta;
➖ kechki — 223 ta;
➖ masofaviy — 57 ta.

ESLATMA: ushbu imtiyozli kvotalar tanlangan beshta yo‘nalishga ham o‘tadi. Oddiy holatda imtiyozlar faqat birinchi yo‘nalishga taalluqli bo‘lar edi, ammo nogironligi bor shaxslar uchun istisno sifatida beshalasiga ham o‘tishi belgilangan.

Qoida bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning maʼlumotlari my.uzbmb.uz  saytida avtomatik o‘zi chiqadi. Qo’lda kiritish shart emas.

❓Bu yerda faqat OTM nomi bor ekan, lekin yo‘nalishlar yo‘q-ku?

Imtiyozli kvota yo‘nalishlar kesimida emas, OTMlar kesimida berilgan. Bu qanday bo‘ladi?

Masalan, Toshkent davlat texnika universitetining kunduzgi shaklida nogironligi bor shaxslar uchun 73 ta kvota ajratilgan. Aytaylik, 200 nafar nogironligi bor abituriyentlar TDTU kunduzgi shakliga topshirgan. Ular turli yo‘nalishlarni tanlashgan, kimdir energetika, kimdir metrologiya, kimdir neft-gaz va h.k.

Yo‘nalishidan qatʼi nazar, mana shu 200 nafar abituriyentlar orasida eng ko‘p ball to‘plagan 73 nafar abituriyent davlat granti asosida qo‘shimcha kvotaga o‘qishga kiradi. Qolgan 127 nafar nogironligi bor shaxslar esa o‘zi to‘plagan bali bo‘yicha umumiy tartibda barcha bilan bellashadi. Bali yetsa, ular ham grant yoki kontraktga kirishlari mumkin.

❓Nogironligi bor shaxslarga 2% ball qo‘shib beradimi?

Yo‘q, hech qanaqa ball qo‘shib berilmaydi.