TATU Farg‘ona filialida moliyaviy savodxonlik bo‘yicha seminar-trening bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasining “Kelajagimiz bo‘lgan yoshlar moliyaviy savodxon bo‘lmog‘i zarur” nomli grant loyihasi doirasida TATU Farg‘ona filiali talabalari ishtirokida yuqoridagi nom ostida seminar-trening tashkillandi. Seminar-trening Markaziy bank Farg‘ona viloyat bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Tadbir Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi ijro apparati rahbari Raxmatjon Boboraximov va hududiy birlashma mas’ul xodimi G‘ayratjon Mamatkulovlar trenerligida, Agrobank, Asakabank, Biznesni rivojlantirish banki mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilib, talabalarga moliyaviy xizmatlarning kreditlar, omonatlar, valyuta ayirboshlash, pul o‘tkazmalari, plastik kartochkalardan foydalanish, sug‘urta, lizing, brokerlik, lombardlar faoliyatiga oid masalalarda atroflicha tushuntirishlar berib o‘tilib, ularning bu boradagi huquqiy bilimlarini oshirish, savodxon bo‘lishga chorlash bilan bir qatorda, ushbu yo‘nalishlardagi turli firibgarliklardan, kiberjinoyatlardan ehtiyot bo‘lish yuzasidan tavsiya va ko‘rsatmalar berib o‘tildi hamda ularni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.

Tadbir davomida unda faol ishtirok etgan talabalarni rag‘batlantirish maqsadida kitoblar sovg‘a qilindi.