AKT tizimidagi yoshlar bilan ochiq muloqot bo’lib o’tdi

AKT TIZIMIDAGI YOSHLАR BILАN OCHIQ MULOQOT YUZАSIDАN OʼTKАZILGАN TАDBIR TOʼGʼRISIDА

MА’LUMOT

Joriy yilning 18-yanvar kuni Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov soha tizimidagi oʼquv yurtlarida tahsil olayotgan hamda mehnat faoliyatini olib borayotgan yoshlar bilan uchrashdi. Muloqotda videokonferensaloqa orqali viloyatlardagi yoshlar ham ishtirok etishdi.

Vazir soʼz olib, qator dolzarb masalalarni oʼrtaga tashladi. Xususan, eng muhim yoʼnalishlardan biri axborot texnologiyalari sohasida yetuk kadrlar tayyorlash ekanini qayd etdi. Chunki, dunyo boʼylab kun sayin yangi va yangi nou-xaular yuzaga kelmoqda, jahon iqtisodiyotining raqamlashuvi va boshqa koʼplab omillar texnologiyalar sohasi oldiga yuksak vazifalarni qoʼymoqda. Аna shu tendensiyani yaxshi tushungan tizim jamoasi mamlakat yoshlarini jahon maydonida mustaqil va qatʼiy yondashuviga ega boʼlgan, maʼnaviy va jismonan barkamol boʼlib yetishishlari, zamonaviy yuqori texnologiyalardan foydalanish koʼnikmalarini oshirish masalalariga katta eʼtibor qaratmoqda.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning 5 ta filiali, Toshkent shahridagi Inha va Аmiti universitetlari hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashgan maktablarda nafaqat eng zamonaviy texnologiyalar, balki xorijiy mutaxassislarni jalb qilishga ham ustuvor masala sifatida qaraladi. Ushbu taʼlim muassasalarida yoshlarga munosib taʼlim berish uchun 57 nafar xorijning yetakchi professor-oʼqituvchilar jalb qilingan.

Bundan tashqari, talabalar almashinuv dasturi doirasida 2019 yil mobaynida soha tizimidagi oliy taʼlim muassasalari tomonidan jami 128 nafar yoshlar Janubiy Koreya, Italiya, Аmiti universitetining Birlashgan Аrab Аmirliklari va Hindiston kompusiga bakalavr, magistratura hamda doktoranturada oʼqishga yuborilgan. Bu jarayon anʼanaviy koʼrinish olgan.

Vazirlik tomonidan kamida besh yil ish stajiga ega boʼlgan soha xodimlaridan 100 nafariga oliy taʼlim muassasalariga suhbat asosida tabaqalashtirilgan toʼlov-kontrakt asosida sirtqi va kechki taʼlim shaklida 2019/2020 oʼquv yilida oʼqishga qabul qilinishi uchun tavsiyanoma berildi. Mazkur tavsiyanomalarning 43 foizi sohadagi 30 yoshgacha boʼlgan yosh xodimlar hissasiga toʼgʼri keladi. Ochiq muloqot davomida Shuhrat Sodiqov tizimda faoliyat olib borayotgan yoshlarning ilmga boʼlgan ishtiyoqini koʼrib, ushbu koʼrsatkichni 2020/2021 oʼquv yillarida 60 foizga yetkazishga vaʼda berdi.

Muloqotda yoshlarning oʼz ustida ishlashi, izlanishlarini qoʼllab-quvvatlash, mehnatiga yarasha ragʼbatlantirish masalalari boʼyicha ham atroflicha fikrlashildi.

Tizimidagi taʼlim muassasalarining iqtidorli, oʼqish jarayoni davrida yuqori koʼrsatkichlarga erishayotgan talaba va oʼquvchilarini ragʼbatlantirish maqsadida Vazirlik stependiyasi taʼsis etilgan. Tadbir doirasida tanlov gʼolibi boʼlgan qator iqtidorli talaba yoshlarga sertifikatlar topshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʼlga qoʼyish boʼyicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning uchinchi tashabbusi doirasida respublika boʼyicha 22 ta Raqamli texnologiyalar oʼquv markazlari tashkil etildi.

Ushbu markazlarda yoshlarga dasturlash asoslari, kompyuter grafikasi, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratish hamda kibersport yoʼnalishlari boʼyicha oʼqishlar olib borilmoqda va 3000 dan ortiq tinglovchilar tegishli koʼnikmalarga ega boʼlishdi. Shuningdek, ushbu ishlar davomi natijasida 2020 yil yakunigacha respublikada shunday oʼquv markazlarini koʼpaytirish rejalashtirilgan.

Uchrashuvda yoshlarning tashubbuslari juda muhim ekanligi taʼkidlandi. Tizimda yoshlar bilan alohida ishlashning samarali tizimini yoʼlga qoʼyish, vazirlik tizimidagi rahbarlarga yoshlar masalasini oʼzi uchun ustuvor vazifa qilib belgilab olishi boʼyicha tavsiyalar berildi.

Muloqot davomida yoshlar tomonidan sohani rivojlantirishga oid takliflar, mulohazalar bildirildi. Vazir Shuhrat Sodiqov ular tomonidan bildirilgan tanqidiy mulohazalar yuzasidan sohadagi tegishli korxonalar rahbarlariga topshiriq berar ekan, ayrim iqtidorli yoshlarning takliflarini shaxsan oʼzi bafurja koʼrib chiqishga tayyorligini, lozim topilsa, ularning amaliyotga joriy qilinishi ustida ish olib borilishini qayd etdi.

Yoshlarning maqsad-muddaolarini yaqindan bilish, ularni katta-katta ishlarga safarbar etish maqsadida tashkil etilgan ushbu muloqot salkam uch soat davom etdi, videokonferensaloqa orqali viloyatlardagi yoshlardan ham dolzarb takliflar bildirildi.

Tadbir davomida Oʼzbekiston Respublikasi Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2020 yil 17 yanvardagi 34-sonli buyrugʼi bilan fanlarni oʼzlashtirishdagi yuqori koʼrsatgichlari, olib borayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, tanlovlarda tashabbus koʼrsatganliklari uchun filial talabalaridan А.Boyxonova, X.Muxammadjonovlar Oʼzbekiston Respublikasi Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining stipendiyasi, R.Nabijonovlar Oʼzbekiston radiotexnika, elektronika va aloqa ilmiy texnika jamiyati stipendiyasi bilan taqdirlandilar.

TАTU Fargʼona filiali matbuot kotibi: А.Kadirov                                     

Tadbirdan lavhalar