Bugungi kunda yurtimizda juda ko‘plab o‘zgarishlar, yangilanishlar amalga oshirilayotgani, oliy ta’lim tizimida, jumladan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filialida olib borilayotgan islohotlar natijasida sohada faoliyat yuritish tom ma’noda faxrli kasbga aylangani.
Barcha sohalar qatori korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar ham davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5729-son Farmoni asosida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar mutlaqo yangi bosqichga chiqdi.
Prezidentimiz ta’birlari bilan aytganda, “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz”. Bu o‘zgarishlar natijasida bugun korrupsiya yurtdoshlarimiz ongidan ham chekinib bormoqda. Shu bilan birga jamiyat rivojiga to‘sqinlik qiluvchi bu illatning yurtimiz kelajagi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ta’lim sohasida ham mavjudligi yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan salbiy holatdir.
Ta’kidlash joizki, yoshlarning oliy ta’lim bilan ilk uchrashuvlari albatta, qabul jarayonlari, kirish imtihonlarida bo‘ladi. Bu jarayonning ahamiyatli jihatlaridan yana biri, unda yoshlarning nafaqat ta’lim tizimi, balki butun jamiyat haqidagi fikri shakllanadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuning uchun ham oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar ayni shu tizimda shaffoflikni ta’minlashdan boshlandi. Sir emaski, ma’lum bir davrda kirish imtihonlari korrupsiya va adolatsizlik holatlari eng ko‘p uchraydigan jarayonlardan biri sifatida qayd etilardi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali xodimlari zimmalaridagi mas’uliyatni chuqur anglagan holda hamda ijobiy tajribalarini uyg‘unlashtirib, qabul jarayonlarini adolatli va shaffof tashkil etish borasida bir qator ishlarni amalga oshirdilar.
Jumladan, filial tasarrufidagi Texnikumlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni 2022/2023-o‘quv yili qabuli uchun o‘tkazilayotgan suhbat jarayonlari shaffofligini ta’minlashda doimiy ravishda Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi xodimlari hamda mas’ul xodimlar tomonidan nazorat qilinib borildi, ushbu imtihon jarayonlari videokuzatuv kameralari yordamida yozib olinib, filial rasmiy veb-saytida onlayn tarzda namoyish etildi.
Eng asosiysi, qabul jarayonlarida korrupsiya, tanish-bilishchilik kabi jirkanch holatlar kuzatilmasligi uchun filial tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda barcha zaruriy choralar ko‘rildi.
Bugun talabalikka tavsiya etilgan yoshlar sohaning ertasini belgilab berishini anglagan holda, bu jarayonga filialning barcha professor-o‘qituvchilari, ishchi xodimlari tomonidan jiddiy e’tibor bilan yondashildi, qabul jarayonlarida shaffof muhit shakllandi, korrupsion holatlar aniqlanmadi.
Shuningdek, abituriyentlarga qulayliklar yaratish maqsadida CALL-CENTR (Aloqa) xonasi tashkil etildi.
Ammo bu faktlar bizni aslo xotirjamlikka berilishimizga sabab bo‘lolmaydi. Ya’ni bu illatga doimo qarshi kurash olib borishimiz kerak.
Jumladan, yangi o‘quv yilida talabalikka tavsiya etilgan yoshlarni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali bilan yaqindan tanishtirish, dars jadvallari, kredit-modul tizimi, filial faoliyati to‘g‘risida birinchi bosqich talabalariga atroflicha ma’lumotlar berish ishlari amalga oshirilib filial faoliyatida shaffoflik ta’minlandi.
Talabalarni ijara-xonadonlari va talabalar turar joyiga joylashtirish, ularning yashash sharoitlarini o‘quv yilining dastlabki kunlaridanoq yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yilib va bu borada muxim ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Filialda korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar ro‘yxatini yana uzoq davom ettirish mumkin. Ishonchim komilki, boshqa oliy o‘quv yurtlarida ham aynan shu kabi ishlar olib borilmoqda.
Bu bilan oliy ta’lim butkul korrupsiyadan xoli sohaga aylandi, degan fikrni bildirishdan yiroqmiz. Biroq sohada korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yuritilayotgan izchil va faol sa’y-harakatlardan ko‘z yumish ham biryoqlama yondashuv bo‘lar edi.
Akbarali Rasulov Maxammatovich
fizika-matematika fanlari doktori, professor
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali direktori.