O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Ishchi guruhi bundan bir muddat oldin xizmat safari bilan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filialida bo‘lib o‘quv dargohi faoliyati bilan tanishgan edi.
O‘shanda AKT vaziri Shuhrat Sodiqov talabalar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda «Qanday muammolaring bor, biz shu muammolarni hal etish uchun kelganmiz», deya murojaat qilgan, o‘z navbatida, yoshlar turarjoy masalasida qiynalishayotganini aytishgandi. Kecha, ya’ni 4 iyun kuni shu muammo o‘z yechimini topdi — filial talabalari uchun uch yuz o‘rinli turarjoy foydalanishga topshirildi. Uning ochilish tadbirida AKT vaziri Shuhrat Sodiqov rahbariligidagi Ishchi guruh a’zolari hamda Farg‘ona viloyat hokimining o‘rinbosari Jamshid Hotamov ishtirok etdi.
Bu yerda talabalarning o‘zlarini o‘z uyida yurgandek his qilishlari uchun tizim korxona va tashkilotlari tomonidan barcha sharoitlar yaratilgan. Sport bilan shug‘ullanish uchun sport maydonchasi va invertarlari, yuvinish xonalari, ovqat tayyorlash uchun barcha oshxona jihozlari o‘rnatilgan xonalar kishi havasini keltiradi. Turarjoydagi bir xil andozadagi mebellar, yorug‘ va shinam xonalar talabalar uchun bitta muhim ishni qoldiradi, ya’ni faqat o‘qib, izlanib kuchli mutaxassis bo‘lib yetishish.
Ayniqsa, imkoniyati cheklagan ilm toliblari uchun yuksak e’tibor bilan tayyorlangan xonalar kishi diqqatini o‘ziga tortadi. Shuningdek, tibbiyot xonasi ham talabalar salomatligini asrashda muhim o‘rin tutadi.
Prezidentning besh tashabbusi doirasida tashkil qilingan kutubxonada barcha badiiy va ilmiy kitoblar jamlangan. Tikuv dastgohlari o‘rnatilgan xonadan talaba qizlar foydalanishlari, darsdan bo‘sh vaqtlarida buyurtma asosida tikish-bichish ishlarini bajarib, qo‘shimcha pul ishlab topishlari mumkin.
Vazirlik Ishchi guruhi o‘tgan galgi tashrifi davomida talabalarning to‘laqonli ta’lim olishlariga halaqit berayotgan muammolarni tanqidiy o‘rgangan, tez hal qilinishi lozim bo‘lgan kamchiliklar joyida hal qilingan edi. Bir guruh talabalarga vazirlikning sovg‘alari berilib, o‘z ustida qat’iy izlanishlari yo‘lida ezgu tilaklar bildirilgan edi. Bu rag‘batlantirish o‘z natijasini ko‘rsatdi, filialning bir nafar talabasi Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi, yana bir guruh talabalar turli stipendiya, xalqaro tanlovlar g‘olibi bo‘lishdi. O‘z vaqtida berilgan dalda, zamonaviy til bilan aytganda motivatsiya ana shunday qudratga ega.
Eslatib o‘tamiz, ayni kunlarda AKT vaziri rahbarligidagi Ishchi guruh Farg‘ona viloyatida bo‘lib turibdi, soha korxona va tashkilotlari faoliyati o‘rganilmoqda, xodimlar bilan muloqotlar o‘tkazilib, muammoli masalalarga joyida yechim topilmoqda.
Manba: mitc.uz