Xabaringiz bor, kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining 6-son bayoni bilan pandemiya sharoitida respublika aholisining toʻlov qobiliyati pasayganligini hisobga olib, farzandi toʻlov-kontrakt asosida oʻqiydigan oilalarga yengillik yaratish va ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, istisno tariqasida, 2021/2022-oʻquv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari (magistratura mutaxassisliklari) boʻyicha bitta talabani toʻlov-kontrakt shaklida bir yillik oʻqitish qiymati miqdorlari tasdiqlandi.
Bunda, bakalavriat va magistratura mutaxassisliklarda kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olib, 2021-yil 1-noyabrga qadar koronavirus infeksiyasiga qarshi ixtiyoriy ravishda emlangan (ya’ni vaksina olgan) talabalarga stipendiyasiz bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorlariga bir martalik 10 foiz chegirma bonusi berilishi belgilandi.
Ma’lumki, 2019/2020-oʻquv yilidan boshlab respublika oliy ta’lim muassasalarida ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha bitta talabani toʻlov-kontrakt shaklida bir yillik oʻqitish qiymati mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori barobarida belgilangan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va Hukumat qarorlari bilan ish haqi miqdorlari oshirilganda toʻlov-kontrakt narxlari ham oshirilib boriladi.
2020/2021-oʻquv yili boshida koronavirus pandemiyasi davrida aholini ijtimoiy himoya qilish, xususan, aholining toʻlov qobiliyati pasayishini hisobga olib, talabalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorlariga (ya’ni stipendiyasiz summaga) 10 foiz miqdorda chegirma qilingan edi.
Ya’ni 2021-yil 1-fevraldan ish haqi miqdorlari 10 foizga oshirilgan boʻlsa-da, oʻquv yili uchun chegirma berilgan bazaviy kontrakt miqdori saqlab qolindi.
Misol tariqasida oladigan boʻlsak, pedagogika, texnika, gumanitar fanlar ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha kunduzgi shaklda toʻlov-kontrakt miqdori chegirma hisobiga 5 771 349 soʻm etib belgilangan edi. Aslida esa mazkur yoʻnalishlarda kontrakt miqdori 2020-yil 1-sentabrdan 6 412 610 soʻm, 2021-yil 1-martdan boshlab esa oʻquv yili uchun belgilangan miqdorga nisbatan 16 foiz yuqori, ya’ni 6 733 555 soʻm miqdorida boʻlishi kerak edi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, belgilangan tartibga muvofiq 2021-yil 1-sentabrdan boshlab 2021/2022 oʻquv yili uchun (stipendiyasiz) bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorlari ta’lim yoʻnalishlariga qarab 7 759 440 soʻmdan 11 869 440 soʻmgacha belgilanib, 34,4 foizga oshirilishi lozim edi.
Shunga qaramasdan, Davlat komissiyasining qabul qilgan qaroriga asosan bugungi kunda respublikadagi pandemiya sharoitini inobatga olib, bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorlari haqiqatda oʻrnatilishi lozim boʻlgan miqdorlarga nisbatan kamaytirilgan miqdorlarda tasdiqlandi, ya’ni 2021/2022-oʻquv yilida toʻlov-kontrakt miqdorlari 10 foiz oshirilmagan, balki oʻrnatilishi lozim boʻlgan miqdorga nisbatan 21,1 foizga kam etib belgilangan.
E’tiborli jihati shundaki, bunda koronavirusga qarshi ixtiyoriy ravishda emlangan kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar uchun kontrakt miqdori oʻzgarishsiz qoladi.
Misol uchun, pedagogika, texnika, gumanitar yoʻnalishlarida oʻqiyotgan talabalar stipendiyasiz bazaviy toʻlov-kontrakt summasi 10 foiz miqdorda chegirma bonusi berilgandan soʻng 5 771 349 soʻmni tashkil etadi.
Shuni ham alohida ta’kidlab oʻtish lozimki, bugun belgilangan toʻlov-kontrakt miqdorlari talabani oʻqitish xarajatlarining oʻrtacha 68,4 foizini qoplaydi xolos.
Manba: edu.uz