Aziz fuqarolar! Tabiiyki, havo harorati pasayib, kunlar sovib ketishi o‘z o‘zidan elektr, gaz yoki boshqa yoqilg‘i turlaridan foydalanishga ehtiyojni oshiradi. Isitish moslamalaridan foydalanishda e’tiborsizlik, loqaydlik va nosoz, nostandart isitish moslamalaridan foydalanish natijasida, is gazidan zaharlanish, havo-gaz aralashmasining chaqnashi va yong‘inlar bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlar sodir bo‘lishi ehtimoli oshib boradi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Respublikamizda so‘ngi uch yil ichida kuzgi-qishki isitish mavsumida sodir bo‘lgayotgan favqulodda vaziyatlarning aksariyati yong‘inlar, gaz-havo aralashmasining chaqnashi hamda is gazidan zaharlanish holatlari bilan bog‘liqligi barchani birdek tashvishga solmoqda.
Bunday holatlarni oldini olish maqsadida, gaz va elektr energiyasi hamda ular yordamida ishlaydigan turli xildagi isitish jihozlaridan oqilona va yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda foydalanishingizni so‘raymiz.
Shu o‘rinda, Farg‘ona shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi Sizlarga is gazi, gaz-havo aralashmasining chaqnashi, yong‘inlar va ularni oldini olish bo‘yicha tavsiyalarni havola qiladi:
Is gazi (CO) — rangsiz, xidsiz bo‘lib, tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin va boshqa turdagi yonuvchi moddalarning chala yonishi natijasida kelib chiqadi. Is gazi organizmga nafas orqali ta’sir etadi. Ushbu zaharli gaz qon tarkibidagi gemoglobin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma – karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning to‘qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, og‘ir holatlarda esa – anoksiyaga olib kelishi hamda shu tariqa inson hayotdan ko‘z yumishi mumkin. Bunday bo‘lmasligini oldini olish maqsadida har bir xonadonlarda tabiiy va suyultirilgan gaz va boshqa yoqilg‘i mahsulotlaridan (ko‘mir, o‘tin) belgilangan tartibda foydalanish, har yili kuz-qish mavsumi oldidan xonadonlardagi dudbo‘ronlarni tozaligiga ahamiyat berib, mutaxassislar tomonidan berilgan tavsiyalarga rioya qilgan holda foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Gaz-havo aralashmasining chaqnashi – Turmushda foydalanib kelinayotgan yoqilg‘i mahsulotlari ichida tabiiy gaz sizib chiqishi va havo bilan aralashma hosil qilib, portlashga xavfliligi bilan ajralib turadi. Gaz oqimining to‘satdan (avariyaviy) uzilishi va qayta ulanishi natijasida xona ichida gaz to‘planishi, yonib turgan gaz anjomlarini qarovsiz qoldirish, isitish asbob-anjomlariga gazni ulashda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik, gaz quvurlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish oqibatida havo-gaz aralashmasining chaqnashi va yong‘in sodir bo‘lishi mumkin. Shuningdek, aholi tomonidan xavfsizlik talablariga javob bermaydigan qo‘lbola, nostandart gaz jihozlaridan faydalanish, gaz tarmoqlariga rezina shlang orqali ulanish, nosoz dudburonlardan foydalaanish hamda xonadon ichida ochiq olovdan isitish maqsadida foydalanish holatlarining uchrab turishi fuqarolarning is gazidan zaharlanishiga hamda havo-gaz aralashmasining chaqnashi natijasida, hattoki halok bo‘lishiga olib kelishi muqarrar.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 04.08.2023-yildagi 332-son qarorida 2023-yil 1-sentabrdan boshlab muntazam ravishda jamoatchilikni keng jalb qilgan holda “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi amalga oshirilishi belgilangan. Bu borada Farg‘ona shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi va hamkorlikdagi tashkilotlar bilan belgilangan rejaga asosan, ta’lim muassasalarida, ish joylarida, jamoat joylari, savdo ko‘ngilochar maskanlarda yong‘inlarni oldini olish va yong‘in sodir bo‘lgan vaziyatda harakat qilish bo‘yicha seminarlar, uchrashuvlar, profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Farg‘ona shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi
Profilaktika va nazorat bo‘linmasi
inspektori leytenant S.Abbozov