2021-yil 16-iyul kuni (soat 18:04 da) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, ochiq va yopiq hududlarda ommaviy tadbirlar o‘tkazilishining to‘xtatilishi munosabati bilan akademik litseylarga dastlabki saralash hamda asosiy imtihonlarni o‘tkazish vaqti ma’lum bir muddatga surilganligi va epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda akademik litseylarga saralash imtihonlarining o‘tkazilishi joriy yil sentabr oyining birinchi yarmida rejalashtirilayotganligi e’lon qilindi.
Lekin ayrim telegram kanallar va ijtimoiy tarmoqlarda mazkur xabar “Kirish imtihonlari karantin sabab sentabr oyiga qoldiriladigan bo‘ldi” sarlavhasi ostida berilishi natijasida ko‘plab fuqarolar xabarni to‘liq o‘qimasdan oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari sentabr oyiga qoldirildi degan xulosaga kelishmoqda.
Shu sababli ko‘pchilik tomonidan Davlat test markaziga “Imtihonlar haqiqatdan ham sentabr oyiga qoldirildimi?”, “Nima uchun sentabr oyiga qoldirildi?” kabi mazmundagi murojaatlar kelib tushmoqda.
Bu bo‘yicha shuni ma’lum qilamizki, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarini o‘tkazish muddatlari sentabr oyiga surilgani yo‘q va imtihonlarni amaldagi qonunchilik hujjatlariga ko‘ra avgust oyida o‘tkazish rejalashtirilgan.