Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan. Aholi soniga, yosh-jins tarkibiga keskin ta’sir ko‘rsatgan o‘zgarishlar, respublika hududidagi aholi joylashuvi xususiyatlari va boshqa ijtimoiy-demografik o‘ziga xosliklar aholining joriy hisobiga oid mavjud ma’lumotlarni qo‘llashni sezilarli darajada cheklamoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi aholisi va uning farovonligi to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumot uzoq muddatli prognozlar va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadli dasturlarini, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlarini ishlab chiqish, barqaror rivojlanish Milliy maqsadlari indikatorlarini shakllantirish, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanish jarayonlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun muhim poydevor hisoblanadi.
Shu sababli “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi PF-5655-sonli Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy va metodik prinsiplarini, dasturiy-texnik ta’minoti va ma’lumotlarni qayta ishlashning texnologik jarayonlarini sinovdan o‘tkazish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlaridagi mas’uliyatini yanada oshirish, aholi sonining aniq hisoblab chiqilishini ta’minlash, aniq belgilab qo‘yilgan yagona hisobga olish davrida aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti, hayot darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari bo‘yicha yakka tartibda hisobga olish va batafsil tavsiflash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabr kungi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish 2023 yil 1 – 25 noyabr kunlari o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishda respondentlar so‘rovi quyidagi muddatlarda tashkil etiladi:
1 – 5 noyabr kunlari — internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholini ro‘yxatga olish (5 kun);
6 – 10 noyabr kunlari — internet jahon axborot tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tgan respondentlar va ularning uy manzillari ro‘yxatini shakllantirish (5 kun);
11 – 22 noyabr kunlari — aholini ro‘yxatga olish varag‘i shakllari asosida uyma-uy yurib aholini ro‘yxatga olish (12 kun);
23 – 25 noyabr kunlari — har bir hisob uchastkasidagi uy-joy manzillarining 10 foizini tanlanma ravishda nazorat kuzatuvi asosida o‘rganish (3 kun).
Respondentlarning shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ishda ro‘yxatga olish sanasidan keyin sodir bo‘lgan demografik holatlar hisobga olinmaydi. 2023 yil 1 noyabrdan keyin tug‘ilgan bolalar uchun ro‘yxatga olish varag‘i shakllari va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlari to‘ldirilmaydi, biroq ushbu sanadan keyin vafot etgan shaxslar uchun to‘ldiriladi. Bunda vafot etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar uning voyaga yetgan, muomala layoqatiga ega oila a’zolari yoki mahalla idorasidagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi.
“Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, doimiy yoki vaqtincha yashovchi yoxud vaqtincha O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, ammo aholini ro‘yxatga olish davrida vaqtincha xorijiy davlat hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari respondent sifatida ro‘yxatga olinadi.
Ma’lumot uchun 2021 yil 1 iyul holatiga doimiy aholi soni respublikamizda 34 860 170 kishini, Farg‘ona viloyatida 3 852 562 kishini tashkil etadi.
Sh. Mamadaliev
Oltiariq tumani statistika bo‘limi boshlig‘i