Farg‘ona shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi Sizlarga is gazi, gaz-havo aralashmasining chaqnashi, yong‘inlar va ularni oldini olish bo‘yicha tavsiyalarni havola qiladi

Hurmatli fuqarolar Farg‘ona shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi Sizlarga is gazi, gaz-havo aralashmasining chaqnashi, yong‘inlar va ularni oldini olish bo‘yicha tavsiyalarni havola qiladi:

Is gazi (CO) – rangsiz, hidsiz bo‘lib, tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin va boshqa turdagi yonuvchi moddalarning chala yonishi natijasida kelib chiqadi. Is gazi organizmga nafas orqali ta’sir ko’rsatadi. Ushbu zaharli gaz qon tarkibidagi gemoglobin bilan bilan birikib, karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning to‘qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, og‘ir holatlarda esa – anoksiyaga olib kelishi, buning oqibatida inson hayotdan ko‘z yumishiga sababchi bo’lishi mumkin. Bunday bo‘lmasligini oldini olish maqsadida har bir xonadonlarda tabiiy va suyultirilgan gaz hamda boshqa turdagi yoqilg‘i mahsulotlaridan (ko‘mir, o‘tin)  xavfsizlik qoidalariga rioya etgan holda foydalanish, har yili kuz-qish mavsumi oldidan honadonlardagi dudburonlarga texnik xizmat ko’rsatgan holda foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Gaz-havo aralashmasining chaqnashi – Turmushda foydalanib kelinayotgan yoqilg‘i mahsulotlari ichida tabiiy gaz sizib chiqishi va havo bilan aralashma hosil qilib, portlashga xavfliligi bilan ajralib turadi. Gaz oqimining to‘satdan (avariyaviy) uzilishi va qayta ulanishi yoki gaz quvurlarining nosoz ulangan joylaridan sizib chiqshi  natijasida xona ichida gaz to‘planishi, yonib turgan gaz anjomlarini qarovsiz qoldirish, isitish asbob-anjomlariga gazni ulashda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik, gaz quvurlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish oqibatida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lishi mumkin. Shuningdek, aholi tomonidan xavfsizlik talablariga javob bermaydigan qo‘lbola, nostandart gaz jihozlaridan foydalanish, isitish tizimlarini xavfsizlik talablariga zid ravishda o’rnatish hamda xonadon ichida ochiq olovdan isitish maqsadida foydalanish holatlarining uchrab turishi is gazidan zaharlanish, yong’inlar hamda havo-gaz aralashmasining chaqnashi kabi ko’ngilsiz holatlarni keltirib chiqaradi. Eng achinarlisi, bu kabi holatlar oxir-oqibat insonlarni bevaqt hayotdan ko’z yumishiga sabab bo’layotganligi barchani birdek tashvishga soladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 04.08.2023-yildagi 332-son qarorida 2023-yil 1-sentabrdan boshlab muntazam ravishda jamoatchilikni jalb qilgan holda “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi amalga oshirilishi belgilangan. Bu borada Farg‘ona shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi va hamkorlikdagi tashkilotlar tomonidan belgilangan rejaga asosan, ta’lim muassasalarida, ish joylarida, jamoat joylari, savdo-ko‘ngilochar maskanlarda yong‘inlar, gaz-havo aralashmasining chaqnashi hamda is gazidan zaharlanish kabi holatlarni oldini olish va favqulodda vaziyatlar sodir bo’lganda harakat qilish bo‘yicha seminarlar, uchrashuvlar, profilaktik tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

Farg‘ona shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi profilaktika va nazorat bo‘linmasi inspektori kapitan B.Komilov

Farg‘ona shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari profilaktika va nazorat bo‘linmasi boshlig‘i kapitan A.Apponov