Kuz-qish mavsumida aholi oʼrtasida is gazidan zaharlanish hamda gaz-havo aralashmasining chaqnashi bilan bogʼliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda aholining bu boradagi savodxonligini oshirish maqsadida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi “Hududgaz Fargʼona” masʼuliyati cheklangan jamiyati, Yongʼinga qarshi kurashish jamiyati, Uy-joy fondidan foydalanish boshqarmasi, Elektr taʼminoti korxonasi va ularning mahalliy boʼlinmalari vakillari tomonida aholi turar joylari va ijtimoiy soha obʼektlarida keng qamrovli nazorat va profilaktik-tushuntirish ishlari amalga oshiriladi.
Lekin, shunga qaramay insonlarning beparvoligi oqibatida oʼz yashash xonadonida, ish yoki xizmat joyida isitish mavsumi oldidan mavjud gaz uskunalarni sozligi tegishli mutahassislar tomonidan tekshiruvdan oʼtkazilishini, zarur hollarda taʼmirlanishini taʼminlanmasdan foydalanish natijasida insonlarni tan jarohati olib, halok boʼlishiga olib kelmoqda.
Yuqorida koʼrsatib oʼtilgan holatlar taqrorlanishiga yoʼl qoʼymaslik, gaz-havo aralashmasining chaqnashi yoki is gazidan zaharlanish holatlarini hamda yongʼinlarni oldini olish maqsadida Fargʼona viloyati FVB Yongʼin xavfsizligi boshqarmasi va “Hududgaz Fargʼona” masʼuliyati cheklangan jamiyati viloyat aholisini, ayniqsa, odamlar koʼp yigʼiladigan va tungi vaqtda qoladigan obʼekt rahbarlidan Yongʼin xavfsizligi va Gazdan turmushda foylanish qoidalariga qatʼiy amal qilishlarini soʼraydi.
Boburjon Komilov leytenant Fargʼona shahar FVB normativ-texnik boʼlinmasi boshligʼi
Gаzdаn zаhаrlаnish vа birinchi yordаm koʼrsаtish hаqidа nimаlаrni bilishimiz kerаk?
Is gazi nima?
Is gazi (uglerod oksidi) – rangsiz, taʼmsiz, hidsiz zaharli gaz. Kimyoviy formulasi – CO. U yer yuzida energiyaning jadal ishlatilishidan yuzaga keluvchi, tabiatda eng koʼp tarqalgan zaharlovchi gazlardan biridir. Qazib olinadigan yoqilgʼilarning toʼliq yonmasligi is gazining bosh manbai hisoblanadi. U asosan koʼmir, tabiiy gaz va boshqa yoqilgʼilarning toʼliq yonmasligi sabab yuzaga keladi. Nafas olinuvchi havo tarkibida 0,1 foiz is gazining boʼlishi oʼlim holatiga olib kelishi mumkin! Is gazi organizmga tushganda u qon tarkibidagi gemoglabin va kislorod tashuvchi eritrotsitlarni oʼzaro bogʼlab, kislorodning tana boʼylab harakatlanishini cheklaydi. Natijada inson hushini yoʼqotadi.
Is gazidan zaharlanishning umumiy belgilari:
Bosh miya tizimida: uyquga tortish, bosh aylanishi, bosh ogʼrigʼi, hushini yoʼqotish;
Koʼrish tizimida: koʼz oldining qorongʼulashishi;
Eshitish tizimida: eshitish qobiliyatining pasayishi;
Teri qismida: terlash kuchayishi;
Nafas olish tizimida: nafas olishning ogʼirlashishi, yoʼtal;
Yurak qismida: puls va АB ortishi;
Mushaklar tizimida: tremor (qaltirash).
Qanday holatlarda is gazidan zaharlanish xavfi yuqori boʼladi?
• Shamollatish tizimi yaxshi ishlamaydigan organik moddalarni ishlab chiqaradigan korxonalarda;
• Аvtoulovlar turargohlarida;
• Yangi boʼyalgan va shamollatilmagan xonalarda;
• Uy sharoitlarida tabiiy gaz chiqib turganda;
• Pech bilan istiladigan uylar, hammomlar, dam olish palatkalarida yonuvchi moddaning toʼliq yonmasligi natijasida zaharlanib qolish mumkin.
Bundan tashqari, hozirgi savdo doʼkonlarida sotilayotgan, gazda ishlaydigan har xil turdagi gaz uskunalari, jumladan, chet davlatida ishlab chiqilgan “kamin” va koʼproq koʼp xonadonli koʼp qavatli uylarida oʼrnatiladigan chet davlatlarida ishlab chiqarilgan yangi yoki ikkilamchi bozorda harid qilingan kondensatli suv isitish qozoni va boshqa shunga oʼxshash gaz uskunalari chiroyli, ixcham koʼrinishli qulayliklarga egadir. Biroq ushbu gaz uskunasi boshqa davlatda ishlab chiqilgani sabab, uni oʼrnatish va foydalanishga doir texnik pasport oʼzbek yoki rus tillariga tarjima qilinmagan. Buning oqibatida undan foydalanishdagi xavfsizlik qoidalari bilan tanishish imkoni boʼlmaydi. Oʼzboshimchalik bilan, mutaxassisning koʼrsatmasisiz Qurilish meʼyorlari va qoidalari talablarini buzgan holatda oʼrnatilmoqda. Natijada esa insonlar is gazidan zaharlanib vafot etmoqda.
Tabiiy gazdan foydalanishda nimalar ta’qiqlanadi?
• Oʼzboshimchalik bilan uyni gazlashtirish, gaz asbobi oʼrnini almashtirish, uni yangilash va tuzatish;
• Gaz asboblari oʼrnatilgan xonalar rejasini oʼzgartirish;
• Dudburon va shamollatish tizimlarini oʼzgartirish;
• Xavfsizlik va sozlash avtomatikasini uzib qoʼyish;
• Maktabgacha yoshdagi bolalar, shuningdek oʼz harakatlarini nazorat qilaolmaydigan shaxslarning gaz asboblaridan foydalanishi;
• Gaz va gaz asboblaridanboshqamaqsadlardafoydalanish;
• Gaz asboblari oʼrnatilgan xonada uxlash va dam olish.
Suyultirilgan gazdan foydalanishda nimalar taqiqlanadi?
• Boʼsh va suyultirilgan gazli ballonlarni xona hamda yertoʼlalarda saqlash;
• Gazlashtirilgan xonaga 50/55 litr sigʼimli ballondan bittadan ortiq yoki 27 litrli ballondan ikkitadan ortiq qoʼyish;
• Ballonlarni qizishdan saqlaydigan toʼsiq oʼrnatilgan boʼlsa, ballon bilan isitish asbobining oraligʼi 0,5 metrgacha qisqartirilishi mumkin, ballon bilan toʼsiqning orasi esa 10 santimetrdan kam boʼlmasligi kerak;
• Ballonlar bilan oʼt yoqish eshigining oraligʼi 2 metrdan kam boʼlmasligi lozim;
• Xonaga oʼrnatilgan ballonlar almashtirilayotganda elektr yoritkichlarni yoqib-oʼchirish, ochiq olovdan, elektr isitish asboblari va isitish pechkalaridan foydalanish;
• Ballonlarni almashtirish ishlari bilan bogʼliq boʼlmagan shaxslar borligida ballonlarni almashtirish.
Gazdan zaharlanganda birinchi yordam qanday koʼrsatiladi?
Barcha holatdagi ogʼir zaharlanishlarda zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirish zarur. Shifokor yetib kelgunga qadar quyidagilarni amalga oshirish kerak:
A. Jabrlanuvchini zudlik bilan gazlangan hududdan toza havoga olib chiqish kerak;
B. Jabrlanuvchining qoʼl va oyoqlarini koʼtarilgan holatda yotqizish;
C. Nafas olishiga xalaqit beruvchi barcha narsalarni yigʼishtirish (tugmalarni yechib, yoqani ochish, kamarni boʼshatish va boshqalar);
D. Jabrlanuvchining uxlab qolmasligini nazorat qilish. Jabrlanuvchini yurgizish taqiqlanadi;
E. Jabrlanuvchi nafas olmayotgan boʼlsa, unga toza havoda yoki havosi yaxshi aylanadigan xonada sunʼiy nafas oldirishni boshlash lozim;
F. Nashatir spirtini hidlatish;
G. Hushiga kelgan vaqtida yiqilib, jarohatlanmasligi uchun choralar koʼrish;
H. Jabrlanuvchining holati yaxshi boʼlsa, issiq choy yoki qahva ichirish;
I. Kislorod yostigʼi yordamida kislorod berish.
Fargʼona shahar Favqulodda vaziyatlar boʼlimi
Fargʼona shahar, Аeroport koʼchasi, 68/1-uy, tel: (373)249-01-32