Filial direktori Rasulov Akbarali Maxamatovichning murojaatnomasi

DIREKTOR MUROJAATNOMASI

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali direktori Rasulov Akbarali Maxamatovich filial professor-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlari hamda talabalariga murojaat qildi.

Yurtboshimiz siz, yoshlarga “Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor o‘tkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan o‘zlashtiring. Kitob o‘qing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang”, degan so‘zlar bilan alohida murojaat qildilar. Shu o‘rinda bugungi kunda butun dunyoni qamrab olgan COVID-19 – koronavirus pandemiyasi tinch va osuda hayotimiz hamda ulkan bunyodkorlik ishlarimizga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Mamlakatimizning bu sinovdan muvaffaqiyatli o‘tib olishi uchun lozim barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, muhtaram Prezidentimiz tomonidan koronavirus keltirib chiqarayotgan muammolarni bartaraf etish, bu jarayondan iloji boricha kam talofat bilan o‘tishni ta’minlashga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilinmoqda.

Albatta ushbu qarorlar ijrosi doirasidagi umummilliy tadbirlarda faol ishtirok etish sifatida, bugungi kunda filialimiz professor-o‘qituvchilari http://moodle.fbtuit.uz/ masofaviy ta’lim portali orqali online darslarni o‘tmoqda. Hozirga qadar 80 dan ortiq online darslar tashkil etildi. Zoom dasturi yordamida esa, masofadan turib seminar va amaliy mashg‘ulotlar uzluksiz o‘tkazilmoqda. Filial professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan o‘tilayotgan mashg‘ulotlarning sifatini yanada yaxshilash maqsadida 30 dan ortiq videodars, videolaboratoriya mashg‘ulotlarini joylashtirildi.

Masofadan turib ta’lim olish imkoniyatlari monitoringi natijalariga ko‘ra, filial talabalarining 74 foizi online, 24 foizi offline tarzda, ya’ni o‘quv materiallarini internet tizimlaridan yuklab olgan holda o‘zlashtirib borish imkoniyatiga ega ekan. Shu bois qolgan 2 foiz talabalarga ham karantin sharoitida o‘tkazib yuborilgan dars mashg‘ulotlarini o‘zlashtirishi uchun maxsus qo‘shimcha o‘quv dasturlari yaratilmoqda. Talabalar tomonidan tizimdan foydalanishi orqali, tizimdagi topshiriqlarni bajarish asosida o‘z vaqtida baholanib borilmoqda. Shuningdek qo‘shimcha Telegram kanali orqali Masofaviy ta’lim guruhi tashkil etilib barcha topshiriqlar berilib borilmoqda. Shuningdek, filial professor-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlari va talabalari o‘rtasida Prezidentimizning muhim 5 tashabbusi doirasida, xususan:

Ikkinchi tashabbus jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari,

Uchinchi tashabbus aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish,

To‘rtinchi tashabbus yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, filial talabalari o‘rtasida “Eng faol kitobxon”, “Eng faol dasturchi”, “Eng faol sportchi” tanlovlari e’lon qilingan. Shu asosida yoshlarimiz har tomonlama yetuk, barkamol va yuqori salohiyatli mutaxassis bo‘lib shakllanishiga ishonaman.

Shuningdek, masofadan ta’lim olish davrida, Eng avvalo, shaxsiy gigiena tartib-qoidalariga qat’iy amal qilgan holda ortiqcha vahimaga berilmasdan yaqinlaringiz va do‘stlaringizga dunyo hamda mamlakatimizdagi bugungi vaziyatga ishonchli manbalar asosida rasmiy va to‘g‘ri ma’lumotlar berishni, professor-o‘qituvchilarimizning onlayn dars va amaliy o‘quv mashg‘ulotlarini muntazam kuzatib, dars mavzularini o‘z vaqtida o‘zlashtirib borishingizni so‘rayman. Filial tomonidan e’lon qilinayotgan onlayn tanlovlarda ham faollik ko‘rsatishingiz o‘z kelajagingizga muhim poydevor bo‘lishi shubhasiz. Ayniqsa kitobxonlik doirasida buyuk bobokalonimiz Amir Temur aytganlaridek “Kitob – barcha bunyodkorlik, yaratuvchanlik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir. Hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir”.

Onlayn mashg‘ulotlar bo‘yicha paydo bo‘ladigan savollar yuzasidan professor-o‘qituvchilarimiz bilan telefon yoki telegram tarmog‘i hamda rasmiy veb saytimiz orqali muloqotda bo‘lishingiz mumkin.

Hurmatli hamkasblar, qadrli talabalar, o‘g‘il-qizlarim!

Bugungi vaziyat taqozosiga ko‘ra, pandemiyaga qarshi kurashda gigienik va tibbiy choralar bilan birga, muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, yuksak tafakkur, qat’iy intizom, sabr-toqat va ulkan mas’uliyat ko‘rsatishimiz lozim.

Ilmu ma’rifatning yuksak cho‘qqilarini zabt etishingizda mustahkam sog‘lik va kuch-quvvat tilayman! Barcha ezgu niyat va maqsadlarimiz amalga oshsin! Vatanimiz yanada obod, xalqimiz doim omon bo‘lishini tilagan holda Yaratganning O‘zi madadkor bo‘lsin!