Mamlakatimiz iqtisodiyoti yildan yilga – rivojlanib, shaharlarimizda qad ko’tarayotgan ko’p qavatli bino va inshootlar yurtimiz ko’rkiga ko’rk qo’shib kelmoqda. Bu borada Farg’ona viloyatida ham salmoqli ishlar amalga oshirilayotganligi barchani birdek quvontirmoqda. O’z navbatida qurilishlarda xavfsizlikni ta’minlash, bino – inshootlar uchun yer tanlashdan tortib foydalanish jarayonlarigacha bo’lgan davrda qurilish me’yorlariga amal qilinishi ustidan Farg’ona viloyati Favqulodda vaziyatlar bo’limi xodimlari tomonidan nazorat va profilaktika ishlari doimiy ravishda olib borilmoqda. Qurilish obyektlarida olib borilayotgan profilaktik tadbirlarda usta quruvchilarga yong’inlar va insonlar hayoti bilan bog’liq baxtsiz hodisalarni oldini olish bo’yicha zaruriy tavsiyalar berilmoqda.
Shu o’rinda alohida ta’kidlab o’tish joizki, ko’p hollarda bir-biriga yaqin qilib qurilgan binolar oralig’idagi yong’inga qarshi oraliq masofalarni me’yor talablari asosida ajratmaslik holatlari ham uchramoqda. Me’yoriy talablarga zid ravishda qurilayotgan binolar vaqti kelib katta talofatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Chunki ko’p qavatli binolarning isitish tizimi, havo tortish yo’llarining mavjud emasligi, dudbo’ronlarning yong’in xavfsizligi me’yor va qoidalari talablariga mos kelmasligi, ya’ni noto’g’ri qurilganligi kun kelib yong’inlar bilan bog’liq baxtsiz xodisalarni keltirib chiqarishi muqarrardir. Ming afsuski ko’ra bila turib, o’zi va o’zgalar hayotini xavf ostiga qo’yib, qurilishlarda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmay, qonunni chetlab o’tishga urinayotganlar ham uchramoqda. Bu kabi holatlarda Farg’ona shahar Favqulodda vaziyatlar bo’limi xodimlari tomonidan qurilish obyektlari rahbarlari hamda mas’ul shaxslarga o’z vaqtida ogohlantirishlar, sodir bo’lishi mumkin bo’lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish bo’yicha tegishli yo’riqnomalar berilmoqda.
Farg’ona shahar Favqulodda vaziyatlar bo’limi
Profilaktika va nazorat bo’linmasi inspektori
kapitan B.Komilov