“Yoshlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Prezident farmoni (PF–6260-son, 13.07.2021 y.) qabul qilindi
Farmonga koʼra, 2021 yil avgust oyida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha boʼlgan har bir farzandi uchun 500 ming soʼm miqdorida bir martalik moddiy yordam koʼrsatiladi.
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat OTMlarida taʼlim olayotgan farzandlariga 2021/2022 oʼquv yilida birinchi oʼquv yili uchun toʼlov-kontraktning toʼliq summasi qoplab beriladi.
“Temir daftar” va “Аyollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga yangi turmush qurayotganida oʼz xonadonida qoʼshimcha uy-joy qurishi uchun 33 million soʼmgacha garovsiz kredit ajratiladi.
Ipoteka dasturi doirasida boshlangʼich badal va foiz toʼlovlari boʼyicha qoʼshimcha 2 mingta yosh oilaga uy-joy sotib olishi uchun subsidiya ajratiladi.
2021 yil 1 sentyabrdan respublikadagi OTMda toʼlov-kontrakt asosida oʼqiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida va oʼqish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida taʼlim kreditlari beriladi.
Davlat organlari va tashkilotlarida ishlayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik roʼyxatiga kiritilgan xorijiy OTMlarini tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga qoʼshimcha ustamalar toʼlab borish tartibi joriy etiladi.
Oylik ustamalar 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, ish beruvchi va yosh mutaxassis bilan 3 yilgacha boʼlgan muddatga tuzilgan shartnoma asosida yosh mutaxassisning lavozim maoshiga qoʼshimcha ravishda har oy toʼlab boriladi.