Professional va oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun imtiyozlar beriladi

✅O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi

Unga ko‘ra:

✔️yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar kollej, akademik litsey, texnikum va oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan davrida mahalliy hokimliklar tomonidan ajratilgan uy-joylarda kommunal xizmatlarning me’yoriy ko‘rsatkichlari bo‘yicha foydalanilgan kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarning ellik foizi tegishli tuman va shahar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan kompensatsiya qilinishi belgilandi.

2021-yil 1-sentabrdan boshlab:

➖ yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular texnikum, kollej, akademik litsey yoki oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan davrida har o‘quv yilida bir marotaba o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar (kitoblar) xarid qilish xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi;

➖ o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining nodavlat ta’lim tashkilotlarining xorijiy tillar, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtihon topshiriladigan 2 ta fan, oshpazlik, qandolatchilik, sartaroshlik, kompyuter savodxonligi va o‘zlarining qiziqishlaridan kelib chiqqan holda boshqa mos yo‘nalishlar bo‘yicha kurslarida o‘qish xarajatlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bir yilda bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravarigacha miqdorda kompensatsiya qilinadi;

➖ yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘qishni davlat oliy ta’lim muassasalarida davom ettirganda ularga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan stipendiya to‘lovlari 50 foizga oshirilgan holda to‘lanadi;

➖ yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ro‘yxati asosida ularning yirik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida har yili amaliyot o‘tashi tashkil etiladi;

➖ texnikum, kollej yoki oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirmagan hamda kasb egallash istagidagi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning o‘z tizimidagi “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari va maskanlarida kasb-hunarga o‘qitilishi yo‘lga qo‘yiladi.

⏩ Oliy ta’lim muassasalariga abiturientlarni qabul qilishning umumiy sonidan “Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar uchun qo‘shimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalari 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab SOS – bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar (yigirma besh yoshga to‘lmagan) uchun ham tatbiq qilinishi belgilandi.

⏭ Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchi bolalar akademik litsey va oliy ta’lim muassasalariga kirganda, ularning mazkur pensiyani olish huquqini akademik litsey va oliy ta’lim muassasalarida o‘qishning butun davri davomida, biroq 23 yoshga to‘lgunga qadar saqlab qolishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Manba: Uza.uz